
ARSHNI LARZAGA KELTIRADIGAN SO‘Z
Islomda so‘z — shunchaki tovushlar yig‘indisi, muloqot vositasi emas. So‘z bilan nikoh bog‘lanadi, so‘z bilan imon mustahkamlanadi, so‘z bilan qalblar orom topadi. Ammo shunday bir so‘z borki, u o‘rinsiz aytilsa, nafaqat bir oilani, balki bir avlodning taqdirini izdan chiqarishi mumkin. Bu — taloq. Hadislarda taloq Arshni larzaga keltiradigan so‘z sifatida tilga olinadi. Chunki u aytilgan lahzada faqat er-xotin ajralmaydi, balki mehr rishtalari uziladi, farzandlar qalbi jarohatlanadi, jamiyat tanasida yoriqlar paydo bo‘ladi. Ushbu maqola aynan shu masala — nikohning muqaddasligi, oilaning qadri va taloqning hikmati haqida.
Nikoh — Alloh belgilagan fitrat
Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:
“Biz har bir narsani juft-juft qilib yaratdik. Shoyadki, eslasangiz (ibrat olsangiz).” (Zoriyot surasi, 49-oyat)
Bu oyat hayotning ilohiy qonuniyatini ochib beradi. Erkak va ayolning juft bo‘lib yashashi — insoniyat tomonidan o‘ylab topilgan tizim emas, balki Alloh tomonidan belgilangan fitrat. Erkakning taskini ayolda, ayolning oromi erkakda. Odam alayhissalomning yolg‘izligi Havo onamiz yaratilishi bilan bartaraf etildi. Chunki erkak ham, ayol ham juftsiz to‘kis bo‘la olmaydi.
Rasululloh sallallohu alayhi va sallam nikohni o‘zlarining qat’iy sunnati deb e’lon qilib: “Nikoh — mening sunnatimdir. Kim mening sunnatimdan yuz o‘girsa, u mendan emas”, deganlar. Bu hadis nikohning nafaqat ijtimoiy, balki aqidaviy ahamiyatini ham ko‘rsatadi.
Shoshqaloqlik harom, lekin nikohda mustasno
Islom shoshqaloqlikni yoqtirmaydi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Shoshqaloqlik shaytondandir”, deganlar. Ammo uch holatda shoshilish maqtalgan: vafot etgan kishini tez dafn qilish; mehmonni kechiktirmay izzat qilish; munosib sovchi kelganida, qizni tezroq uzatish. Mavzumiz uchun uchinchi holat muhim. Chunki balog‘atga yetgan yigit va qizni uzoq kuttirish, ularni fitna va gunoh yo‘llariga yetaklashi mumkin. Islom esa bu yo‘llarni yopishni istaydi.
Oilani saqlab turadigan uch ustun: kechirim, mehr va shirin so‘z
Oilaning barqarorligi uch asosga tayanadi:
1. Kechirimlilik
Inson xatosiz bo‘lmaydi. Kelin ham, kuyov ham farishta emas. Xatolarni yuzga solish emas, ularni isloh qilish (to‘g‘rilash) muhim. Kechirim bo‘lmagan oilaga shayton tez kirib boradi.
2. Mehr
Mehr — faqat moddiy ta’minot emas. Bir og‘iz iliq so‘z, bir qarash, bir hol so‘rash ham mehrdir. Ayol eridan mehr topmasa, qalbi soviydi. Erkak uyida hurmat ko‘rmasa, ko‘ngli begona tomon og‘adi. Bu esa oilani yemiradi.
3. Shirin so‘z
“Yaxshi keldingizmi?”, “Rahmat!” kabi oddiygina so‘zlar katta mo‘jiza qiladi. Shirin so‘z — oilaning eng arzon, ammo eng kuchli davosi.
Go‘zallik — tashqi emas, ichki fazilat
Bugungi kunda ko‘plab oilaviy nizolarning ildizi noto‘g‘ri tushunchalarda. “Chiroyli emas”, “boshqalarga o‘xshamaydi” kabi gaplar oilani yemiradi. Holbuki, haqiqiy go‘zallik hayo, fahm-farosat, odob va axloqda. Inson doimo o‘z juftidan go‘zalrog‘ini ko‘ra boshlaydi. Chunki tashqi go‘zallikning nihoyasi, cho‘qqisi yo‘q. Ammo nasib qilingan halol juft — aslida eng go‘zal.
Taloq — zulm emas, rahmat. Lekin…
Islomda taloq mutlaq yomonlik emas. Aksincha, u ba’zi holatlarda rahmatdir. Ichkilikka berilgan, zo‘ravon, axloqsiz, xiyonatkor muhitda ayolni majburan ushlab turish zulmdir. Shuningdek, ayol tomonidan kechirilmas gunohlar sodir bo‘lsa, erkakni majburan sabrga chaqirish ham zulmdir.
Shu bois taloqga shariatda ruxsat etilgan. Ammo bu ruxsat mas’uliyat bilan bog‘langan. Taloq jahl ustida, arzimas sabab bilan aytiladigan so‘z emas.
Alloh taolo taloqdan oldin uch bosqichli isloh yo‘lini ko‘rsatgan:
1. Nasihat va suhbat.
2. Vaqtincha alohida yotish.
3. So‘nggi ogohlantirish.
Faqat shundan keyingina taloq masalasi keladi. Bu tartib buzilsa, taloq Arshni larzaga keltiradi.
Internet fatvosi emas, ilmli maslahat zarur
Bugungi eng katta muammo — diniy masalalarni internetdan o‘rganish. “Falon videoda shunday deyildi”, “Internetda o‘qidim” degan gaplar oilalarni vayron qilmoqda. Taloq kabi nozik masalada faqat ilm egalari, masjid imomlari, fatvo markazlariga murojaat qilish shart.
So‘zdan oldin vijdon uyg‘onsin
Taloq — til bilan aytiladi, ammo yurak bilan o‘lchanadi. Uni aytish osondir, lekin oqibati og‘ir. Bu so‘zga farzandning kelajagi, ayolning taqdiri, erkakning ertasi bog‘liq. Shuning uchun Islom taloqqa ruxsat qilsada, ammo uni sevmagan. U eng oxirgi chora sifatida belgilangan. Bugungi jamiyatda esa uni o‘yinga aylantirish — Arshni larzaga keltiradigan beparvolik.
“Ziyo” media markazi muharriri Ma’ruf Toshbekov tayyorladi
