KO‘P SO‘ZLAMANG, IBRAT BO‘LING

KO‘P SO‘ZLAMANG, IBRAT BO‘LING

Farzand — Alloh taoloning insonga bergan eng ulug‘ ne’matlaridan biri. Ammo bu ne’mat shunchaki quvonch emas, balki katta omonat va mas’uliyatdir. Islom ta’limotida farzand ota-onaga vaqtinchalik berilgan ishonch bo‘lib, u haqda Qiyomat kuni, albatta, so‘raladi. Shuning uchun farzand tarbiyasi masalasi faqatgina oila doirasidagi oddiy ish emas, balki diniy, ma’naviy va ijtimoiy burch hisoblanadi. Tarbiya qachondan boshlanadi? Ko‘pchilik ota-onalar tarbiya masalasida “Bola qachondan tarbiyalanadi?” degan savolni beradi. Ba’zilar tarbiya yetti yoshdan boshlanadi desa, boshqalar maktabga borgach, deydi. Ammo Islom ta’limotiga ko‘ra, bularning barchasi kech qolgan tarbiyadir. Aslida esa farzand tarbiyasi u tug‘ilishidan oldin boshlanadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Munosib ayollarni tanlanglar, chunki nasl ta’sir qiladi”, — deb marhamat qilganlar. Bu hadis shuni anglatadiki, bola tarbiyasi hali ona homilador bo‘lishidan oldin boshlanadi. Ota-onaning axloqi, dunyoqarashi, e’tiqodi, halol-haromga munosabati — bularning barchasi genetik va ma’naviy yo‘l bilan farzandga o‘tadi. Shuning uchun ham Islomda nikoh masalasiga juda katta ahamiyat berilgan. “Rabb” tushunchasi va tarbiyaning mohiyati Qur’oni Karimning birinchi oyatida: “Alhamdu lillahi rabbil a’lamin” deyiladi. Bu yerda Alloh taolo O‘zini “Rabb” — tarbiyalovchi, parvarish qiluvchi sifatida tanitmoqda. Demak, tarbiya oddiy nasihat emas, balki doimiy nazorat, uzluksiz e’tibor, mehr bilan kuzatish, bosqichma-bosqich kamolga yetkazishdir. Ko‘p nasihat emas, kuchli namuna Ota-ona ham farzandiga nisbatan “murabbiy”dir. Murabbiy esa faqat gapiruvchi emas, balki amal bilan o‘rgatuvchi shaxsdir. Xalqimizda bejiz aytilmagan: “Qush uyasida ko‘rganini qiladi”. Farzand ota-onaning so‘zidan ko‘ra, qilgan ishiga, odobiga, tutumlariga, hayot tarziga qarab ulg‘ayadi. Shuning uchun tarbiyada eng samarali usul — shaxsiy ibrat. O‘zi yolg‘on gapirib, bolaga rostgo‘ylikni uqdirish foyda bermaydi. Inson tabiatan qulog‘i bilan emas, ko‘zi bilan o‘rganadi. Shuning uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam tarbiyada, eng avvalo, amal bilan namuna bo‘lganlar. Onaning tarbiyadagi beqiyos o‘rni Islomda qiz farzand tarbiyasiga alohida urg‘u berilgan. Sababiki, bugungi qiz ertangi ona. Agar ona ilmli, odobli va ongli bo‘lsa, jamiyat ham shunday bo‘ladi. Zero, onaning ilmi — farzandning ilmi, onaning axloqi — farzandning axloqi, onaning dunyoqarashi — butun jamiyatning kelajagi. Shuning uchun qizlarni o‘qitish shunchaki shaxsiy masala emas, balki butun millatning istiqboliga sarmoyadir. Halol luqma — tarbiyaning asosi Farzand tarbiyasida eng muhim, ammo ko‘pincha e’tibordan chetda qoladigan jihatlardan yana biri — halol rizq masalasi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Haromdan o‘sib chiqqan jasad jannatga kirmaydi”, — deb ogohlantirganlar. Bola hali homilaligidayoq onaning yegan luqmasi bilan oziqlanadi. Agar luqma halol bo‘lsa — qalb sof bo‘ladi, agar harom bo‘lsa — tarbiyaning barakasi ketadi. Shuning uchun halol mehnat, halol daromad va halol rizq farzand tarbiyasining birinchi poydevori hisoblanadi. Farzandga munosabatda me’yor Islom farzandni sevishni buyuradi, lekin uni haddan ortiq erkalatib, mas’uliyatsiz qilib qo‘yishni qoralaydi. Farzand ota-onaning mulki emas, balki mustaqil shaxsdir. Ota-ona farzand uchun yashashi mumkin, lekin farzandining o‘rniga yashashi imkonsiz. Haddan ortiq qurbonlik farzandda minnatdorlikni emas, balki loqaydlik va xudbinlikni paydo qiladi. To‘g‘ri tarbiya — farzandni mustaqil hayotga tayyorlash. Kam gap — katta ta’sir Farzand tarbiyasida eng muhim qoida shuki: Ko‘p gapirmang, o‘zingiz ibrat bo‘ling. Chunki so‘z unutiladi, ammo ko‘rilgan amal qalbda qoladi. Ota-onaning hayotiy tutumlari, halol mehnati, odobli muomalasi bola uchun ulkan saboq. Farzand solih bo‘lsa, ota-onaga dunyoda ham, oxiratda ham savob. Farzand tarbiyasi — bardavom sadaqai joriya. Bunda esa, shaxsiy namuna ustuvor yechim. Shunday ekan, ko‘p so‘zlamaylik, ibrat bo‘laylik! “Ziyo” media markazi muharriri Ma’ruf Toshbekov tayyorladi