FARZAND — ULUG‘ NE’MAT

FARZAND — ULUG‘ NE’MAT

Alloh taolo insonni aziz va mukarram qilib yaratdi. Unga aql, tafakkur, nutq kabi bir qator buyuk ne’matlarni ato etdi. Ana shu kabi ne’matlarning eng ulug‘laridan biri — farzand. Farzand — inson naslining davomchisi, qalb quvonchi, hayot mazmuni. Ammo Islom ta’limotida farzand ne’matiga faqat quvonch manbai emas, balki ulug‘ omonat, katta mas’uliyat sifatida ham qaraladi. Ayniqsa, bugungi globallashuv, axborot xurujlari, ma’naviy tahdidlar kuchayib borayotgan bir davrda farzand tarbiyasi masalasi yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Farzand borasida niyatning ahamiyati Islom ta’limotiga ko‘ra, har bir amal niyatga bog‘liq. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam: “Amallar niyatlarga bog‘liqdir”, — deb marhamat qilganlar. Farzand ko‘rish ham oddiy istak emas. Bu, avvalo, niyat. Farzand so‘rashda inson oldin o‘z qalbiga nazar solishi kerak. Niyat faqatgina nasl qoldirish yoki jamiyat bosimi sabab bo‘lmasligi lozim. Balki Allohdan solih, ilmli, odobli, jamiyatga foydali, ota-onaga dunyo va oxiratda ne’mat bo‘ladigan farzand so‘rash lozim. Qur’oni Karimda Zakariyo alayhissalomning duolari bunga yaqqol dalildir: “Parvardigorim, menga O‘zing tomonidan pokiza zurriyot ato etgin” (Oli Imron surasi, 38-oyat). Demak, farzand tarbiyasi hali bola dunyoga kelmasidan oldin, niyat bilan boshlanadi. O‘g‘il va qiz: Islomdagi adolat mezoni Jamiyatimizda hanuzgacha o‘g‘il farzandni qizdan ustun qo‘yish holatlari uchrab turadi. Holbuki, Islom bu qarashni qat’iyan rad etadi. Qur’oni Karimda Alloh taolo ochiq-oydin marhamat qiladi: “U xohlagan bandasiga qizlar hadya qiladi, xohlagan bandasiga o‘g‘illar hadya qiladi” (Sho‘ro surasi, 49-50-oyatlar). Bu oyatdagi “hadya qiladi” so‘zi juda muhim. Farzand — hadya. Hadya esa norozilik bilan emas, shukr bilanhina qabul qilinadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam qiz farzandlarga alohida e’tibor berganlar. Hadislarda qiz farzandni tarbiyalab voyaga yetkazgan ota-onaga jannat va’da qilingan. Oisha onamiz roziyallohu anho esa farzand tug‘ilganda: “O‘g‘ilmi yoki qizmi?” deb emas, “Sog‘-salomat tug‘ildimi?” deb so‘raganlar. Bu Islomdagi asl qadriyatlar mezonidir. Farzand tug‘ilganda bajariladigan sunnat amallar Islom farzand tarbiyasini tug‘ilgan kundan emas, balki birinchi lahzadan boshlaydi. Hadislarda quyidagi amallar ta’kidlangan: 1. Chaqaloqning o‘ng qulog‘iga azon, chap qulog‘iga takbir aytish 2. Tahniq — xurmo yoki shirin meva bilan tanglayini ko‘tarish 3. Farzandga chiroyli va barakali ism qo‘yish 4. Chaqaloq haqiga xayrli duo qilish 5. Yettinchi kuni sochini olinadi va soch vazni o‘lchanib xuddi shuncha miqdorda kumush (yoki qiymati) ehson qilinadi. Bu amallar bolaning nafaqat jismoniy, balki ma’naviy hayotiga ham baraka olib kiradi. Farzand tarbiyasida asosiy murabbiy — ota-ona Bugungi kunda ko‘pchilik ota-onalar tarbiya mas’uliyatini bog‘cha, maktab yoki telefon zimmasiga yuklayotgandek. Ammo haqiqat shuki, bosh murabbiy — ota-ona. Farzand hali gapira olmagan paytidayoq: • ko‘rib o‘rganadi, • eshitib o‘rganadi, • ota-onaning xulqini takrorlaydi. Shuning uchun ota-onaning odobi, hayotiy tutumi — bolaning ilk maktabi. Telefon, keraksiz axborot, nazoratsiz kontent esa bolaning aqliy va ruhiy rivojiga jiddiy zarar yetkazadi. Islom dini farzandni vaqtni rejalash, ilmga yo‘naltirish, foydali mashg‘ulotlar bilan band qilish orqali tarbiyalashni buyuradi. Farzand — ham sinov, ham savob Farzand — Allohning ne’mati. Ammo farzand bilan birga beriladigan mas’uliyat undan ham buyuk. Farzandni dunyoga keltirish — sunnat, uni tarbiyalash esa farz. Agar farzand solih bo‘lsa, ota-onaga dunyoda baxt, oxiratda savob, jamiyatga foyda va yurtga baraka bo‘ladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam aytganlaridek, solih farzandning duosi ota-onaga vafotidan keyin ham yetib boradi. Shunday ekan, har bir ota-ona farzandni Allohning omonati deb bilib, uni ilm, odob, iymon va mas’uliyat bilan tarbiyalashga intilishi lozim. Alloh taolo barchamizga farzand ne’matini to‘g‘ri anglashni, unga haqiqiy ulug‘ ne’mat sifatida munosabat qilishni nasib etsin. Ma’ruf Toshbekov, “Ziyo” media markazi muharriri