Ta’magirlik — jamiyat ravnaqiga eng katta tahdid

Ta’magirlik — jamiyat ravnaqiga eng katta tahdid

Ochko‘zlik bilan qulagan jamiyatlar Jamiyatni qulatish uchun urush ham, ocharchilik ham shart emas. Ba’zan bitta illat — ta’magirlik yetarli bo‘ladi. Nega ayrim jamiyatlarda ishonch yo‘qoladi? Nega odamlar bir-biriga yordam berishdan ko‘ra, foyda izlaydi? Nega halol mehnat qadrsizlanib, “qanday bo‘lsa ham topish” ustun keladi? Bu savollarning markazida bitta muammo turibdi — ochko‘zlik, ya’ni ta’magirlik. Bugun u faqat alohida shaxsning axloqiy nuqsoni emas, balki jamiyat taraqqiyotini ichidan yemirayotgan xavfli kasallikka aylanmoqda. Mazkur masalaga yechim izlab muhokamaga kirishamiz. Ta’magirlik nima va u qayerdan boshlanadi? Ta’magirlik — bu Alloh bergan nasibaga qanoat qilmaslik, o‘z manfaatini boshqalarning haqi hisobidan qondirish istagi. Dinimizda bu illat qat’iy qoralanadi. Chunki ta’magirlik qanoatni yo‘qotadi, shukrni o‘ldiradi, halol bilan harom orasidagi chegarani buzadi. Inson “menga yetmayapti” degan fikr bilan yashay boshlasa, oxir-oqibat “qanday yo‘l bilan bo‘lsa ham topish”ga o‘tadi. Ana shu yerda ta’magirlik ildiz otadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlar: “Inson yozilgan rizqini to‘liq olmay turib bu dunyodan ketmaydi”. Bu hadisga amal qilmaslik jamiyatda ko‘plab muammolarga sabab bo‘lmoqda. Ta’magirlikning bugungi ko‘rinishlari Bugun ta’magirlik turli niqoblarda namoyon bo‘lyapti. U faqat o‘g‘irlik yoki ochiq talonchilik emas. U: pora (rishvat), sudxo‘rlik, mansabdan foydalanib foyda olish, tilanchilikni kasbga aylantirish, odamlarning muhtojligidan foydalanish kabi ko‘rinishlarda uchramoqda. Masalan, bir xizmatni bajarish uchun aslida majbur bo‘lgan shaxs “hadya”, “rahmat”, “iltimos” degan nomlar bilan pul talab qilsa, bu ochiq ta’magirlikdir. Zotan, payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam pora beruvchi ham, oluvchi ham do‘zaxda bo‘lishi haqida qattiq ogohlantirganlar. Sudxo‘rlik ham shunday. Muhtoj odam qarz so‘rab kelganda, uning ahvolidan foydalanib ortiqcha foyda ko‘zlash nafaqat ijtimoiy adolatsizlik, balki Allohga qarshi urush deb baholanadigan og‘ir gunohdir. Ta’magirlik jamiyatni qanday yemiradi? Ta’magirlikning eng katta zarari — ishonchni yo‘qotish. Odamlar bir-biriga shubha bilan qaray boshlaydi. Yordam ham manfaat bilan o‘lchanadi. Natijada samimiyat qochadi, adolat susayadi, mehnatkashlar eziladi, jamiyat parokanda bo‘ladi. Bunday muhitda taraqqiyot bo‘lmaydi. Chunki taraqqiyotning asosi — ishonch, halollik va adolat. Ta’magirlik esa bu ustunlarni birma-bir qulatadi. Ta’magirlik nega yo‘qolmayapti? Bugun korrupsiyaga qarshi qonunlar, jazolar kuchaymoqda. Ammo savol tug‘iladi: nega illat baribir yo‘qolmayapti? Chunki ta’magirlik faqat qonun bilan emas, tarbiya bilan ham yengiladi. Inson bolaligidan halol luqma, qanoat, shukr, beg‘araz yordam ruhida tarbiyalanmasa, u kattaligida jazodan qo‘rqib emas, foyda ko‘zlab yashaydi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytganlar: “Haromdan oziqlangan tana faqat do‘zaxga loyiqdir.” Bu ogohlantirish insonni ichki nazoratga, ya’ni vijdon va iymonga chaqiradi. Yechim qayerda? Tarbiya va iymonda Ta’magirlikka qarshi eng kuchli qurol — halol tarbiya. Jamiyatni tozalash har bir insonning o‘zidan boshlanadi. Ota-ona farzandiga halol bilan yashashni, mehnatdan or qilmaslikni, birovning haqiga ko‘z olaytirmaslikni o‘rgatsa, kelajak o‘zgaradi. Qonun qo‘rqitadi, lekin iymon to‘xtatadi. Shuning uchun ta’magirlikka qarshi kurash oiladan, maktabdan, mahalladan, eng avvalo, inson qalbidan boshlanishi kerak. Ta’magirlik — jamiyat tanasidagi xavfli yara. Uni yashirish mumkin, lekin davolanmasa, butun tanani ishdan chiqaradi. Halollik, qanoat va iymon esa jamiyatni tiklaydigan asosiy ustunlardir. Agar biz jamiyat ravnaqini istasak, foydani emas vijdonni ustun qo‘yaylik, manfaatni emas adolatni tanlaylik, bugunni emas ertani o‘ylaylik. Chunki halol jamiyatgina barqaror jamiyatdir. Ta’magirlikdan xoli jamiyat esa, haqiqiy taraqqiyot yo‘lida sobit bo‘ladi.