
YURTGA MUHABBAT — PAYG‘AMBARIMIZDAN MEROS YUKSAK XISLAT
Vatan haqida gap ketganda, bu mavzu oddiy bir hudud yoki geografik tushuncha bilan cheklanmaydi. Vatan — insonning ildizi, kimligi, sha’ni va e’tiqodi bilan chambarchas bog‘liq muqaddas tushuncha. U onaning bag‘ri kabi iliq, ota nasihati kabi mas’uliyatli va farzand kelajagi kabi umidli manzildir. Ulamolarning “Vatanni sevmoq iymondandir” degan ta’kidi bejiz emasdir.
“Ziyo” media markazi “Yurtga muhabbat — payg‘ambar meros xislat” mavzusida tashkil qilgan suhbat ana shu haqiqatni yana bir bor teran anglashga undaydi. Suhbatdosh Toshkent shahridagi “Xo‘ja Alambardor” jome masjidi imom-xatibi Rahimberdi Rahmonovning fikrlari vatanparvarlikni shior emas, hayot tarzi sifatida tushunishga da’vat etadi. Mazkur maqola ana shu suhbat asosida tayyorlandi.
Vatan — ona kabi muqaddas ne’mat
Vatan ota-onaga qiyos qilinadi. Zero, onaning sut haqi kabi, Vatanning ham tuz haqi bor. Onasidan ayrilgan yetimning qalbi hech narsa bilan to‘lmaganidek, vatanidan uzoqda yurgan musofir ham chin xotirjamlikni faqat yurt tuprog‘iga qaytgandagina his qiladi.
Safarlarda, hatto haj va umra kabi ulug‘ ibodatlarda ham yurtdoshlarimizning: “Vatanimni sog‘indim”, deb ko‘zlariga yosh olishi Vatanning inson qalbidagi o‘rnini yaqqol ko‘rsatadi. Demak, vatan muhabbati tabiiy va muqaddas tuyg‘udir.
Buyuk ulamolar hayotida vatan muhabbati
Tariximizdagi buyuk allomalar — Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Marg‘inoniy, Imom Zamaxshariy kabi zotlar vatanparvarlikning tirik timsolidir. Ular ilm izlab dunyo kezgan bo‘lsalar-da, hech qachon o‘z yurtini unutmaganlar.
Imom Buxoriy qariyb qirq yil musofirlikda ilm talabida yurgach, oxir-oqibat vatanga qaytib, yurt tuprog‘iga dafn etildi. Imom Zamaxshariy esa Ka’batullohga eng yaqin uyda yashash sharafiga muyassar bo‘la turib, umrining oxirini vatanida o‘tkazishni afzal bildi. Bu holat vatanning naqadar muqaddas va almashtirib bo‘lmas ne’mat ekaniga dalildir.
Musulmonning vatan oldidagi burchlari
Islom ta’limotida vatanparvarlik chuqur ma’naviy asosga ega. Musulmonning Vatan oldida bir necha muhim burchlari mavjud:
1. Yurt haqiga doimiy duo qilish
Payg‘ambarlar o‘z yurtlari uchun duo qilganlar. Ibrohim alayhissalom Makka uchun, Rasululloh sallallohu alayhi vasalam Madina uchun duo qilganlar. Mo‘min inson ham har kuni: “Parvardigor, yurtimni tinch qil!”, deb duo qilishi kerak.
2. Vatanparvar farzandlarni tarbiyalash
Farzandga: “Sen nafaqat mening, balki shu vatanning ham farzandisan” degan tushunchani singdirish — ota-onaning muqaddas vazifasi. Ajdodlarimiz bilan faxrlanish tuyg‘uni yosh qalbda aynan oila shakllantiradi.
3. Yurt obodligi uchun hissa qo‘shish
Alisher Navoiy, jadid bobolarimiz — barchasi vatan ravnaqi yo‘lida borini fido qilgan. Hatto Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasalamning: “Qo‘lingizda ko‘chat bo‘lsa, qiyomat bo‘lsa ham uni eking” degan hadisi ham yurtni obod qilish naqadar ulug‘ amal ekanini ko‘rsatadi.
Ilm, mehnat va vatanparvarlik: zamonaviy saboqlar
Bugun vatanparvarlik faqat qo‘lda qurol bilan emas, balki ilm, mehnat va fidoyilik bilan namoyon bo‘lmoqda. Yaponiya va Janubiy Koreya bunga yaqqol dalildir. Tabiiy boyliklari bo‘lmasa-da, ilmga, mehnatga va vatanga muhabbat sabab bu davlatlar dunyoning ilg‘or mamlakatlariga aylandi.
Chet elda tahsil olayotgan yoshlar masalasida esa asosiy mezon shunday:
Ilmni qayerda olmasin, xizmatni o‘z yurti uchun qilish — haqiqiy vatanparvarlik.
Yoshlar qalbida vatan muhabbatini shakllantirish yo‘llari
Yosh avlod qalbida vatanparvarlikni shakllantirish ikki asosga tayanadi:
• Tarixni bilish — ajdodlarimiz kim bo‘lganini anglagan yosh vatanini hech qachon kamsitmaydi.
• Kattalarning namunasi — yoshlar vatanparvarlikni kitobdan emas, ota-onaning, ustozning, jamiyatning kundalik xatti-harakatlaridan o‘rganadi.
Ko‘chani toza tutish, tabiatni asrash, jamoat mulkiga hurmat — bularning barchasi ham vatan muhabbatining amaliy ko‘rinishlaridandir.
Vatanparvarlik — bugunning eng zarur tuyg‘usi
Vatanparvarlik balandparvoz shior emas, balki kundalik mas’uliyatdir. U duo bilan boshlanadi, tarbiya bilan mustahkamlanadi va fidoyilik bilan kamol topadi. Yurt farzandlarining vatanga muhabbati sabab yurt obod bo‘ladi, degan Hazrati Umar (r.a.) hikmati bugun har qachongidan ham dolzarb. Agar biz bugun farzandlarimizga vatanni sevishni, uni asrashni, unga xizmat qilishni o‘rgata olsak, kelajagimiz mustahkam bo‘ladi. Chunki vatanini sevgan xalqni also yengib bo‘lmaydi.
Suhbat materiallari asosida Ma’ruf Toshbekov tayyorladi
