Manbalarga koʻra, “mahalla” atamasi arab tilida oʻrin-joy, makon, hudud, guzar, hatto kengash maʼnolarini anglatadi. Lekin bizda u shunchaki geografik tushuncha emas, balki maʼnaviy muhit, tarbiya maktabi, insoniy munosabatlar beshigidir. Dinimiz makonni sevishni, uni asrab-avaylashni va obod qilishni doimo targʻib qiladi. Chunki insonning dastlabki qadamlari, ilk taassurotlari, odob va axloq, dunyoqarashi aynan shu muhitda shakllanadi.
Shariatga koʻra, er xotin uchun, ota-ona esa farzand uchun masʼuldir. Muhammad sollallohu alayhi vasallam: “Hech bir ota oʻz farzandiga yaxshi tarbiya va goʻzal odobdan buyukroq hadya bera olmas”, — deb marhamat qilganlar. Biroq tarbiya faqat oila bilan cheklanib qolmaydi. Xalqimizda “Bir farzandga yetti mahalla ota-ona” degan hikmatli soʻz shunchaki yuzaga kelmagan. Zero, insonni muhit shakllantiradi.
Alloh taolo Qurʼonning Tavba surasi 119-oyatida marhamat qiladi: “Ey iymon keltirganlar! Allohga taqvo qilinglar va sodiqlar ila birga boʻlinglar”. Bu ilohiy xitob inson kamolotida jamoa, muhit, mahallaning oʻrni naqadar yuksak ekanini anglatadi. Sodiqlar bilan birga boʻlish ezgu muhitda yashash demakdir.
Rivoyat qilinishicha, bir kuni xalifa Maʼmun odob bilan soʻzlayotgan boladan: “Kimning oʻgʻlisan?” deb soʻraydi. Bola: “Odobning oʻgʻliman”, deb javob beradi. Bu javobdan mamnun boʻlgan xalifa: “Qanday chiroyli otang bor ekan”, deb tahsin aytadi. Darhaqiqat, odob — insonni ulugʻlaydigan eng buyuk nasab. Bizda bu nasab aynan mahalla muhitida mustahkamlanadi.
Mahalla insonlarni birdamlikka, yaxshi-yomon kunda hamjihat boʻlishga oʻrgatadi. Ayniqsa, koʻklamda bu ruh yaqqol namoyon boʻladi: mahalladoshlar yigʻilishib hasharlar uyushtirishi, koʻcha-koʻylarini tozalashi, obod qilishi, qolaversa, sumalak va xalim pishirishi, bir dasturxon atrofida koʻksomsayu chalpak tanovul qilishi oddiygina urf emas, balki qalblarni yaqinlashtiradigan, mehr-oqibat urugʻini sochadigan maʼnaviy maktabdir.
Islomda mahallaning asosiy ustuni — qoʻshnichilik. Niso surasi 36-oyatida qoʻshnilarga yaxshilik qilish buyurilgan. Hadislarda ham qoʻshnichilik haqi alohida taʼkidlanadi. Anas ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Paygʻambarimiz alayhissalom: “Yonidagi qoʻshnisi och oʻtirganini bila turib, qorni toʻq uxlagan kishi menga imon keltirmabdi”, deganlar. Yana Abdulloh ibn Amr ibn Oss raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Allohning huzurida qoʻshnilarning yaxshisi — oʻz qoʻshnisiga yaxshilik qilganidir”. Anglanib turibdiki, bu hadislar orqali qoʻshnichilik iymon mezoni darajalaridan biriga koʻtarilgan.
Mahallani bir daraxtga qiyoslasak, uning tanasi — qoʻshnilar, shoxlari — oilalar, mevasi — tarbiyali farzandlar. Ildizi esa ishonch va mehr. Ildiz mustahkam boʻlsa, daraxt shamoldan qoʻrqmaydi.
Maʼrifatparvar adib Abdulla Avloniy taʼkidlaganidek:
“Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”. Bu oʻgit mahalla zimmasiga tushgan masʼuliyatni yanada chuqurroq anglatadi. Zero, mahalla — jamoaviy masʼuliyat maktabi. Har bir bolani oʻz farzandidek koʻrgan jamoa, kelajakda yetuk avlod mevasini tatiydi. Aks holda, beparvolik ildiz otsa, uning koʻlankasi butun jamiyatga yoyiladi.
Joriy yil yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb eʼlon qilingani ham bejiz emas. Chunki mahalla — jamiyatning eng quyi boʻgʻini emas, balki eng mustahkam tayanch nuqtasi. Agar mahalla mustahkam boʻlsa, jamiyat barqaror boʻladi; agar mahallada maʼrifat ustuvor boʻlsa, millat ravnaq topadi.
Xulosa oʻrnida aytish joizki, mahalla — bu shunchaki hududiy birlik emas. U iymonni mustahkamlaydigan muhit, tarbiyani yuksaltiradigan maktab, mehrni koʻpaytiruvchi maydon, jamiyatni birlashtiruvchi qalʼadir.
Mahallaning chirogʻi — qoʻshnining duosi, uning qudrati — ahillik, uning kelajagi — tarbiyali avlod. Agar har birimiz oʻz mahallamizning masʼuliyatini his qilsak, bir-birimizga yelka tutsak, ezgulikni odatga aylantirsak, u holda mahalla nafaqat yashash joyimiz, balki kamolot maskanimizga aylanadi.
Saidumar Abdusalomov
"Ziyo" media markazi muharriri

